Surxondaryoning Vochax qishlog‘ida 30-aprel kuni referendum o‘tkazilmagani, qishloq ahliga byulleten ham berilmagani aytilgandi. MSK mazkur hudud uchun ko‘chma quti yuborilgani, biroq aksariyat fuqarolar chorva mollariga qarash uchun tog‘ga chiqib ketgani sababli yashash manzilida bo‘lmaganini ma’lum qildi.
MDH bosh kotibi, Hamdo‘stlik kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev O‘zbekistonda referendum “yuqori tashkiliy darajada, erkin va ochiq muhitda” o‘tganini aytdi. U xorijiy OAVdagi mamlakatdagi zaif axborot kampaniyasi haqidagi xabarlarni “butunlay yolg‘on” deb atadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri 1-maydan kuchga kirdi. U 6 bo‘lim, 27 bob va 155 ta moddadan iborat bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha referendumning yakuniy natijalarini e’lon qildi. Ma’lumotlarda katta o‘zgarishlar bo‘lmadi. Saylovda ishtirok etganlar ko‘rsatkichi — 84,5%. Asosiy qonunni o‘zgartirishni saylovchilarning 90,2 foizi yoqladi, 9,35 foizi qarshi ovoz berdi.
Markaziy saylov komissiyasi referendum jarayonida qonunbuzarlik kuzatilgan Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan 3 ta referendum uchastkasidagi ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilarning 84,54 foizi ishtirok etdi, dedi MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni yoqlab saylovchilarning 90,21 foizi ovoz berdi, 9,35 foizi qarshi chiqdi.
Toshkentdagi 772-saylov uchastkasida referendum o‘tkazish bo‘yicha uchastka komissiyasi a’zosi ketma-ket 16 byulletenni to‘ldirib, “Ha” katagiga belgi qo‘ygani holati yuzasidan prokuratura o‘rganish o‘tkazmoqda.
Oliy ta’lim vazirligi universitetlar ma’muriyatlari talabalarni referendumda ovoz berishga majburlayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlik talabalarni huquqlari buzilgan taqdirda, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga chaqirdi.
Markaziy saylov komissiyasi uchastka komissiyasi a’zosi ketma-ket bir nechta saylov byulletenining “Ha” katakchasiga belgi qo‘ygani aks etgan videoga munosabat bildirdi. MSKning ma’lum qilishicha, u o‘zboshimchalik bilan 16 ta byulletenni oila a’zolari nomidan to‘ldirgan. Tergovga prokuratura jalb qilingan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri bo‘yicha referendumda ovoz berish uchun sog‘lig‘i tufayli saylov uchastkasiga tashrif buyura olmaydigan fuqarolar uyda ovoz berishmoqda. “Gazeta.uz” muxbirlari uchastka komissiyalari a’zolari bilan ularning uyiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston viloyatlari rahbarlari va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha referendumda ishtirok etdi.
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 679 nafar shaxslar ovoz berishi mumkin, deya ma’lum qildi IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev. Uning bildirishicha, soat 11:00 ga qadar qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ariza yoki xabar kelib tushmagan.
O‘zbekiston va xorijdagi referendum uchastkalarida soat 11:00 ga ko‘ra 6,82 million nafardan ortiq fuqaro ovoz berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendumda ovoz berdi.
Toshkent vaqti bilan ertalab soat 4:00 da O‘zbekistonning Yaponiya va Janubiy Koreyadagi vakolatxonalarida Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi referendumini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki referendum uchastkalari ochildi. Oxirgi uchastka 1-may, Toshkent vaqti bilan 05:00 da AQShda yopiladi.
8:00 dan poytaxtdagi referendum uchastkalarida madhiya yangradi, so‘ngra saylovchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Odatga ko‘ra, erta tongdan ovoz berish uchun ko‘pchilik tashrif buyurmoqda. “Gazeta.uz” kun davomida ovoz berish jarayonini yoritib boradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting